07 oktabr 2024

Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Yaponiya Tashqi ishlar vazirligining Yevropa masalalari bo‘yicha byurosi bosh direktori o‘rinbosari, Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili bilan uchrashdi

O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida vazir o‘rinbosari Shoxrux Gulamov Yaponiya Tashqi ishlar vazirligining Yevropa masalalari bo‘yicha byurosi bosh direktori o‘rinbosari, Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Masaki Ishikava bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda ISSV matbuot xizmati.

Suhbat chog‘ida O‘zbekiston Respublikasi bilan Yaponiya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy munosabatlarning bugungi holati va ularni yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari ko‘rib chiqildi.

Infratuzilmaviy rivojlanish, ta’lim va boshqa sohalardagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar hamkorlikni yanada kengaytirish, muhokama qilingan loyiha va tashabbuslarni amalga oshirishni jadallashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar ko‘rishga sobit ekanliklarini bildirdilar.