11-oktabr kuni Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida vazir o‘rinbosari Akram Aliyev va ‘‘Sumitomo Corporation’’ avtomobilsozlik guruhi bosh vakili – direktori va katta ijrochi direktori Norixiko Nonaka o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda vazirlik matbuot xizmati.
Avtomobilsozlik va transport yoʻnalishlari boʻyicha qoʻshma loyihani amalga oshirish istiqbollari yuzasidan konstruktiv fikr almashildi. Mahalliy va tashqi bozorlarga talab yuqori boʻlgan avtomashinalar va ehtiyot qismlarni yetkazib berish uchun logistika markazi va bojsiz zonani tashkil etish haqida soʻz bordi.
Tomonlar bozor talablarini, shuningdek, moliyaviy, infratuzilmaviy va huquqiy imkoniyatlarni chuqur tahlili asosida loyihaning asosiy bosqichlari va amaliy jihatlarini belgilab oldilar, ularni amalga oshirish bo‘yicha samarali chora-tadbirlar ishlab chiqdilar.
Muzokaralar yakunida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirishga o‘zaro tayyorlik bildirildi va muhokama qilingan loyihaviy tashabbuslarni amalga oshirish bilan bog‘liq qator masalalar bo‘yicha kelishib olindi.
1919-yilda tashkil etilgan ‘‘Sumitomo Corporation’’ bugungi kunda Yaponiyadagi eng yirik savdo kompaniyalaridan biri hisoblanadi. Yillik aylanmasi 36,2 milliard dollar, xodimlar soni 6 ming kishini tashkil qiladi. Kompaniya 65 mamlakatda 120 ta vakolatxonaga ega.