17 oktabr 2024

“Central Asia Retail Week” xalqaro forumi doirasida birinchi chakana savdo va elektron tijorat forumi boʻlib oʻtdi

Joriy yilning 16-oktabr kuni Toshkent shahrida Xalqaro elektron tijorat va chakana savdo forumi doirasida Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi koʻmagida tashkil etilgan birinchi “Central Asia Retail Week” chakana savdo va elektron tijorat forumi boʻlib oʻtdi, deb xabar qilmoqda vazirlik matbuot xizmati.

Forum 1,5 mingdan ortiq ishtirokchini, jumladan, 9 ta mamlakat biznes delegatsiyalaruni jamladi, bu Oʻzbekiston va butun mintaqaning jadal rivojlanayotgan bozoriga yuqori qiziqishdan dalolat beradi. Ushbu forumda O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirining o‘rinbosari Xurram Teshabayev spiker sifatida qatnashdi.

Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda chakana savdo hajmi 25,5 milliard dollardan oshdi, bu barqaror iqtisodiy oʻsish va xalqaro hamkorlik kuchayib borayotganini tasdiqlaydi.

Forum ishtirokchilari logistika infratuzilmasini modernizatsiya qilish, MDH mamlakatlaridagi ishlab chiqaruvchilar o‘rtasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish hamda chakana savdoga sun’iy intellekt va geomarketing singari yangi texnologiyalarni joriy etish kabi muhim yo‘nalishlarni muhokama qildilar.

Forum chakana savdo va elektron tijorat sohasida uzoq muddatli hamkorlik aloqalarini oʻrnatish va yangi tashabbuslarni muhokama qilishga qaratilgan tajriba almashish va ishbilarmonlik aloqalarini oʻrnatish uchun oʻziga xos maydonga aylandi.