30 oktabr 2024

Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirining birinchi o‘rinbosari “Eko Yevroosiyo” jamg‘armasi boshqaruvi raisi bilan uchrashuv o‘tkazdi

Joriy yilning 28-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirining birinchi o‘rinbosari Nozimjon Xolmurodov “Eko Yevroosiyo” jamg‘armasi boshqaruvi raisi Hikmet Eren bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda ISSV matbuot xizmati.

Tomonlar joriy yilning iyun oyida bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi tashrif yakunlari bo‘yicha erishilgan kelishuvlarni hisobga olgan holda O‘zbekiston-Turkiya savdo-iqtisodiy munosabatlarini rivojlantirishning bugungi holati va istiqbolli yo‘nalishlariga e’tibor qaratdilar.

Hikmet Eren O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar va biznes yuritish uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlarni yuqori baholadi, shuningdek, amaldagi kelishuvlar va o‘zaro manfaatli yangi tashabbuslarni amalga oshirishni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha 2025-yilning birinchi yarmida Anqarada O‘zbekiston-Turkiya tadbirkorlik sammitini o‘tkazish to‘g‘risida kelishuvga erishildi hamda o‘zaro hamkorlikning muhokama qilingan yo‘nalishlarda savdo va sarmoyaviy hamkorlik hajmini oshirish bo‘yicha navbatdagi choralar belgilandi.