04 noyabr 2024

Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari ishbilarmon doiralari Xitoy kanton korxonalari savdo palatasidagi O‘zbekiston taqdimotiga taklif etildi

O‘zbekiston Bosh konsulligi vakillari 2000 dan ortiq kompaniyaga a’zo bo‘lgan Xitoy kanton korxonalari savdo palatasi rahbariyati bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.

Uchrashuvda Xitoy tomoniga mamlakatimizda ishbilarmonlik muhiti, sarmoyaviy salohiyat va yaratilgan qulay sharoitlar haqida ma’lumot berildi.

Oʻzaro biznes missiyalar tashkil etish, aniq qoʻshma loyihalar ishlab chiqish orqali hududlararo hamkorlikni kengaytirish yuzasidan fikr almashildi.

Tomonlar Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlari ishbilarmon doiralari hamda Kanton palatasining korxona va kompaniyalari vakillari o‘rtasida ikki mamlakat korxonalari o‘rtasida kooperatsiya aloqalarini o‘rnatish, shuningdek, o‘zaro delegatsiyalar almashinuvini tashkil etish maqsadida onlayn biznes-forum o‘tkazishga kelishib oldilar. 

Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari ishbilarmon doiralari 2025-yil 10-12-yanvar kunlari bo‘lib o‘tadigan mamlakatimizning madaniy-tarixiy merosi, sayyohlik va ishbilarmonlik salohiyatiga bag‘ishlangan taqdimotda ishtirok etishga taklif etildi.