07 noyabr 2024

Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Islom taraqqiyot banki prezidenti bilan videokonferensiya tarzida muzokaralar o‘tkazdi

Joriy yilning 6-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Islom taraqqiyot banki prezidenti Muhammad al-Jassir bilan videokonferensiya tarzida muzokaralar o‘tkazdi, deb xabar bermoqda ISSV matbuot xizmati.

Tomonlar ITBning 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston bo‘yicha mamlakat strategiyasi bandlarini ijro etish jarayonini ko‘rib chiqdilar. Qayd etilishicha, jalb qilingan investitsiyalar hajmi belgilangan rejalarga to‘g‘ri keladi va 2026-yil yakuni bo‘yicha 1,2 milliard dollarlik umumiy ko‘rsatkichning 50 foizini tashkil etadi. Shu bilan birga, xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha loyihalar ITB ITFCning sho‘ba korxonasi – Xalqaro Islom savdo va moliya korporatsiyasi tomonidan muddatidan ikki yil oldin amalga oshirilmoqda, va bugunga kelib umumiy hajmning 90 foizini tashkil etadi.

Energetika, transport infratuzilmasini rivojlantirish, irrigatsiya va suv resurslarini boshqarish, taʼlim va sogʻliqni saqlash sohalarida DXSh tamoyillari boʻyicha birgalikda shakllantirilgan yangi loyihalarni amalga oshirish boʻyicha navbatdagi tadbirlar muhokama qilindi.

ITB rahbariyati loyihalarni, jumladan, “yashil” iqtisodiyotga o‘tish doirasida innovatsiyalar va texnologik modernizatsiyaga qo‘shimcha mablag‘lar ajratish orqali kelgusida har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.