13 yanvar 2025

O‘zbekiston elchisi Mumbayda Hindistonning yirik konglomerati rahbari bilan uchrashdi

O‘zbekiston elchisi Sardor Rustamboyev Hindistonning ‘‘Reliance Industries Limited’’ kompaniyasining strategik rivojlanish bo‘yicha prezidenti Kamal Nanavati bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.

Elchi so‘nggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan modernizatsiya jarayonlari, milliy iqtisodiyotning izchil rivojlanib borayotgani, turli sohalarda xalqaro hamkorlikni mustahkamlash borasidagi sa’y-harakatlar, xorijiy investorlar va tadbirkorlarning muvaffaqiyatli faoliyati uchun yaratilgan qulay va jozibador muhit haqida gapirdi.

‘‘Reliance Industries Limited’’ Hindistonning energetika, neft-kimyo, to‘qimachilik, telekommunikatsiya, chakana savdo va boshqa sohalarni qamrab olgan yirik xususiy kompaniyalaridan biri hisoblanadi.

Shu bois mamlakatimizning ushbu sohalardagi ulkan salohiyati, o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirishning keng imkoniyatlari to‘g‘risidagi batafsil ma’lumotlar katta qiziqish bilan kutib olindi.

Uchrashuvda O‘zbekiston bilan ‘‘Reliance Industries Limited’’ kompaniyasi o‘rtasida neft-kimyo, to‘qimachilik sanoati, qayta tiklanuvchi energiya manbalari va boshqa dolzarb sohalarda hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.