Mamlakatimizning Turkiyadagi diplomatik vakolatxonalari tomonidan tashkil etilgan tadbirda Turkiyaning Burdur viloyati tadbirkorlari O‘zbekistonning savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va turizm salohiyati bilan tanishtirildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.
Tadbirda viloyat Savdo-sanoat palatasi boshqaruv kengashi raisi Yusuf Keyik, viloyat Savdo-sanoat palatasi boshqaruv kengashi a’zolari va viloyatdagi 50 dan ortiq tadbirkorlar ishtirok etdi.
Tadbirda o‘zaro savdoni rivojlantirishning qo‘shimcha imkoniyatlari va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi. Xususan, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat sanoati, qurilish, qurilish materiallari ishlab chiqarish, elektrotexnika, mebel ishlab chiqarish kabi sohalarda tajriba almashish, aloqalarni faollashtirish yuzasidan fikr almashildi.
Budur viloyatiga tashrifi chog‘ida diplomatlar mahalliy yirik korxonalar faoliyati bilan yaqindan tanishib, ular rahbariyati bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Xususan, qishloq xo‘jaligi, qurilish va axborot texnologiyalari sohalarida faoliyat yurituvchi “Orallar Group” kompaniyasi, issiqxona jihozlari ishlab chiqaruvchi “ECTS Makina”, oziq-ovqat sanoati sohasida faoliyat yurituvchi “Avoya” hamda marmar ishlab chiqaruvchi “Chichekmersan marmar” korxonalari rahbarlari bilan muzokaralar olib borildi. Ushbu kompaniyalar bilan O‘zbekistonda yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari ham o‘rganildi.
Tadbirlar yakunlari bo‘yicha hamkorlik imkoniyatlarini o‘rganish maqsadida 2025-yilning ikkinchi choragida Burdur viloyati Savdo-sanoat palatasi boshqaruvi raisi Yusuf Keyik boshchiligidagi delegatsiyaning O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.