24 fevral 2025

Varshavada qishloq xo‘jaligi sohasida O‘zbekiston-Polsha hamkorligining istiqbollari muhokama qilindi

O‘zbekiston elchixonasi vakillari Polsha Qishloq xo‘jaligini qo‘llab-quvvatlash milliy markazi bosh direktori o‘rinbosarlari Lucian Zvolak va Leshek Ivanyuklar bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.

Uchrashuvda Polsha tomoni markazning tashkiliy tuzilmasi va asosiy vazifalari haqida umumiy ma’lumot berdi, Polsha oziq-ovqat mahsulotlarini xalqaro bozorlarga olib chiqish va ilgari surish bo‘yicha o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston va Polsha o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlarga alohida e’tibor qaratildi. O‘zbekiston Polshaning Markaziy Osiyodagi eng muhim savdo sheriklaridan biri ekani ta’kidlandi. O‘zaro manfaatli hamkorlik nafaqat qishloq xo‘jaligi, balki boshqa ko‘plab sohalarni ham qamrab oladi.

Tomonlar hamkorlik istiqbollarini, jumladan, agrosanoat sohasida tajriba va texnologiyalar almashish, ikki mamlakat ixtisoslashtirilgan tashkilotlari va tadbirkorlarining sanoat ko‘rgazmalarida ishtirok etish, shuningdek, tadbirkorlar uchun o‘zaro biznes missiyalar va iqtisodiy forumlar tashkil etish masalalarini muhokama qildilar.

Polsha tomoni ushbu sohalarda yaqin hamkorlik qilish, aniq loyihalar ustida ishlash, ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish va savdo aloqalarini mustahkamlashga tayyor ekanligini bildirdi.