20 mart 2025

Fukuoka prefekturasida O‘zbekiston-Yaponiya mintaqalararo hamkorligini kengaytirish istiqbollari atroflicha muhokama qilindi

O‘zbekistonning Tokiodagi elchixonasi vakillari Fukuoka prefekturasida amaliy tashrif bilan bo‘ldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.

Tashrifdan maqsad savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, turizm va madaniy-gumanitar sohalarda mintaqalararo hamkorlikni kengaytirish va rivojlantirish, shuningdek, O‘zbekistonning iqtisodiy diplomatiya siyosatini faol ilgari surish masalalarini muhokama qilishdan iborat.

Tashrif doirasida Fukuoka Savdo-sanoat palatasi raisi va ‘‘Nishi-Nippon City Bank’’ banki prezidenti Xiromichi Tanigava, ‘‘Kyuden International Corporation’’ prezidenti Takashi Mitsuyoshi, ‘‘Aso Trading Co. Ltd.’’ kompaniyasi prezidenti Masaxiro Aso, ‘‘Hankyu Travel Co. Ltd.’’ bosh ijrochi direktori Yoichi Tomura hamda O‘zbekistonning Fukuoka prefekturasidagi faxriy konsuli Tetsuro Yamasaka bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. Shuningdek, ‘‘O‘zbekistonning turizm va investitsiyaviy salohiyati’’ mavzusida biznes-forum tashkil qilindi.

Diplomatlar ‘‘O‘zbekistonning turizm va investitsiyaviy salohiyati’’ mavzusidagi biznes-forumda ham ishtirok etdilar.

Muzokaralar chog‘ida Yaponiya tomoniga so‘nggi yillarda mamlakatimizda iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy sohalarda amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar samaralari, O‘zbekistonning sarmoyaviy va sayyohlik salohiyati haqida ma’lumot berildi.

Fukuoka Savdo-sanoat palatasi raisi, ‘‘Nishi-Nippon City Bank’’ prezidenti Xiromichi Tanigava O‘zbekistonda sarmoyaviy muhitni yaxshilash, xorijiy investorlarni qo‘llab-quvvatlash, iqtisodiyotni liberallashtirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarga yuksak baho berib, amalga oshirilayotgan bu islohotlar samarasida Yaponiya ishbilarmon doiralarining mamlakatimizga qiziqishi tobora ortib borayotganini ta’kidladi.

O‘zbekistonning muhim strategik joylashuvi va Markaziy Osiyo mintaqasining ulkan iqtisodiy salohiyatini hisobga olib, mamlakatimiz ishbilarmon doiralari va Fukuoka prefekturasi vakillari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish va faollashtirishda amaliy yordam ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi.

Shu bilan birga, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish, Palataga a’zo kompaniyalarni mamlakatimizning sarmoyaviy salohiyati va eksport salohiyati haqida ma’lumotlar bilan ta’minlashda amaliy yordam ko‘rsatishga tayyorligi bildirildi.

‘‘Kyuden International Corporation’’ prezidenti Takashi Mitsuyoshi ushbu kompaniya amalga oshirishda Sirdaryo viloyatining Boyaut tumanida 61,9 gektar maydonda quvvati 1600 MVt bo‘lgan “H” toifali zamonaviy kombinatsion issiqlik elektr stansiyasini (IES) qurish loyihasining holati haqida ma’lumot berdi.

Xususan, mazkur “Kyuden International Corporation” yaqinda jadal sur’atlarda davom etayotgan loyihada ishtirok etish uchun ikki nafar yaponiyalik yetakchi muhandisni jo‘natgani, issiqlik elektr stansiyasini ishga tushirish 2026-yilning iyuniga mo‘ljallangani ta’kidlandi.

Takashi Mitsuyoshi ushbu muvaffaqiyatli loyiha natijasida Kyuden xalqaro korporatsiyasi mamlakatimizda muqobil energiya ishlab chiqarish va energiya saqlash tizimlarini yaratish bo‘yicha yangi loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini o‘rganayotganini ma’lum qildi.

‘‘Aso Trading Co. Ltd.’’ prezidenti Masaxiro Aso bilan uchrashuvda Fukuoka prefekturasiga o‘zbek milliy mahsulotlari eksporti hajmini oshirish masalalari muhokama qilindi.

Masahiro Aso 2023-yil sentabr oyida Yaponiya Junior Chamber International (JCI) raisi sifatida O‘zbekistonga qilgan tashrifini mamnuniyat bilan eslab, tashrif va o‘tkazilgan uchrashuvlar juda samarali bo‘lganini ta’kidladi. Uning aytishicha, Fukuoka prefekturasining imkoniyatlaridan kelib chiqib, mamlakatimizdan quritilgan meva va dukkakli ekinlarni eksport qilish masalasi o‘rganilmoqda.

‘‘Hankyu Travel Co. Ltd.’’ sayyohlik kompaniyasi bosh ijrochi direktori Yoichi Tomura bilan kechgan suhbatda O‘zbekistonga Fukuoka prefekturasidan sayyohlar oqimini oshirish, yangi turizm kontentlarini ishlab chiqish hamda Kyushyu hududidan O‘zbekistonga charter reyslarini tashkil qilish masalalari muhokama qilindi.

Yaponiya tomoni Buyuk Ipak yo‘li chorrahasida joylashgan va YuNESKO tarixiy obidalari ro‘yxatiga kiritilgan Samarqand, Buxoro, Xiva va Shahrisabz shaharlari dunyoning sayyohlik yo‘nalishlari orasida alohida o‘rin tutishini ta’kidladi. Keyingi yillarda yaponiyalik sayyohlarning O‘zbekistonga qiziqishi ortib borayotgani alohida ta’kidlandi.

O‘zbekistonda turizm sohasida amalga oshirilayotgan jadal islohotlar va erishilayotgan yutuqlar yuqori baholanib, hududlar o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni rivojlantirishga hissa qo‘shish istagi bildirildi.

Ishchi tashrif doirasida mamlakatimizning Xirosima, Fukuoka va Okayama prefekturalaridagi faxriy konsuli, Balcom Group kompaniyasi prezidenti Tetsura Yamasaka bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda Faxriy konsul va delegatsiya 2025-yilda mamlakatimizga yapon sarmoyasi oqimini ko‘paytirish, o‘zbek mahsulotlarini Yaponiya bozoriga keng targ‘ib qilish, mamlakatimizga yaponiyalik sayyohlar sonini ko‘paytirish bo‘yicha amalga oshiriladigan ishlarni muhokama qildi.