21 aprel 2025

ISSVda ‘‘ALKOR BIO’’ kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

Joriy yilning 18-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida Rossiyaning ‘‘ALKOR BIO’’ biotexnologiya kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda vazirlik matbuot xizmati.

Muzokaralar davomida diagnostika reagentlarini ishlab chiqarishni mahalliylashtirish maqsadida Oʻzbekistonda qoʻshma investitsiya loyihalarini amalga oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi. Ushbu tashabbus mamlakatning farmatsevtika sanoatini rivojlantirish va import o‘rnini bosish bo‘yicha strategik maqsadlariga hamohangdir.

‘‘Alkor Bio’’ kompaniyalar guruhi — IFA (immunoferment tahlil) va PZR (polimeraz zanjir reaksiyasi) usullari asosida laboratoriya diagnostikasi uchun reagentlar toʻplamlari va uskunalar ishlab chiqaruvchi Rossiyaning yetakchi kompaniyalaridan biridir.

Uchrashuv yakunida kelgusida hamkorlikda ish olib borish, loyiha parametrlarini baholash va zarur hujjatlarni ishlab chiqish uchun qoʻshimcha texnik-iqtisodiy axborot almashish boʻyicha kelishuvlarga erishildi.