30 aprel 2025

Peshovarda O‘zbekiston-Pokiston iqtisodiy hamkorligining istiqbolli loyihalari muhokama qilindi

O‘zbekistonning Pokistondagi elchixonasi vakillari iqtisodiy diplomatiya doirasida Xayber-Paxtunxva viloyatining Peshovar shahriga tashrif buyurdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.

Eslatib o‘tamiz, Peshovar shahri Pokistonning yirik sanoat va eksportga yo‘naltirilgan markazlaridan biri hisoblanadi. Tibbiyot buyumlari, tibbiy asboblar, charm buyumlar, metall konstruksiyalar, to‘qimachilik, kulolchilik mahsulotlari ishlab chiqarishi bilan mashhur bo‘lib, ularning asosiy qismi dunyoning 50 dan ortiq mamlakatlariga eksport qilinadi.

Tashrif doirasida Peshovar Savdo-sanoat palatasi prezidenti Shakil Ahmad Xon va farmatsevtika, charm, to‘qimachilik, tibbiy asbob-uskunalar, qishloq xo‘jaligi va savdo sohalaridagi mahalliy ishbilarmonlar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda O‘zbekistonning iqtisodiy va sarmoyaviy salohiyati va tijorat takliflariga oid materiallar taqdim etilib, qo‘shma korxonalarni tashkil etish va ro‘yxatdan o‘tkazish tartiblari tushuntirildi. “Ayritom” erkin iqtisodiy zonasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Tadbirkorlarga ishbilarmonlar uchun soddalashtirilgan viza tartibi va mamlakatlarimiz o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri havo qatnovi joriy etilgani haqida ma’lumot berildi.

Yig‘ilish ishtirokchilariga Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan investitsiya loyihalari taqdim etildi.

Pokistonlik tadbirkorlar hamkorlikni rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar ochilayotganini mamnuniyat bilan qayd etib, O‘zbekistondagi farmatsevtika korxonalari bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish, charm xomashyosi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, paxta importi, tibbiy asbob-uskunalar va veterinariya preparatlari ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etishdan manfaatdorligini bildirdi.

Muzokaralar yakunida Peshovar Savdo-sanoat palatasi prezidenti boshchiligidagi 10 nafar ishbilarmonlar delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish, mamlakatimizning turli hududlarida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar va mahalliy hokimliklar vakillari bilan muloqotni davom ettirish, shuningdek, yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishish bo‘yicha kelishuvga erishildi.