Toshkentda O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi tomonidan amalga oshirilayotgan Eksportni tezlashtirish dasturi ishtirokchilarining birinchi davra suhbati bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda vazirlik matbuot xizmati.
2024-yil sentabr oyida o‘z ishini boshlagan eksport tezlatkichi 29 tadbirkorga tashqi bozorlarga chiqishga yordam berdi. Ularning umumiy eksport hajmi dunyoning 10 dan ortiq davlatiga 14 million dollardan ortiqni tashkil etdi.
Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi Tashqi savdo departamenti boshlig‘i Inomjon Abdurahmonov eksportyorlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning amaldagi mexanizmlari haqida atroflicha to‘xtalib, O‘zbekiston ishlab chiqaruvchilarining tashqi bozorlarga, ayniqsa, Yevropa Ittifoqi, Yaqin Sharq va MDH mamlakatlariga chiqish istiqbollarini belgilab berdi.
Yuzaga kelayotgan masalalar va tizimli muammolarni muhokama qilar ekan, ishtirokchilar ixtisoslashtirilgan moliyaviy vositalarni, jumladan, xalqaro faktoring mexanizmini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratdilar. Eksport loyihalarini qo‘llab-quvvatlash uchun yuqori malakali maslahatchilarni jalb etish, shuningdek, tashqi iqtisodiy faoliyatning yangi ishtirokchilarini amaliy qo‘llab-quvvatlashga qodir bo‘lgan muvaffaqiyatli eksportchilar ishtirokida mentorlik tizimini joriy etish muhimligi ta’kidlandi.
Tadbir dasturi kompaniyani taqdim qilish ko‘nikmalarini rivojlantirish, xorijiy ishlab chiqaruvchilar bilan samarali hamkorlik qilish va mahsulotlarni tashqi bozor talablariga moslashtirishga bag‘ishlangan treninglar shaklida davom etdi. Xalqaro muzokaralarni muvaffaqiyatli olib borishda asosiy rol o‘ynaydigan soft skills – moslashuvchan ko‘nikmalarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.