02 may 2025

Xitoyning Guandun provinsiyasi ishbilarmon delegatsiyasi Qoraqalpog‘istonda amalga oshirilayotgan istiqbolli sarmoyaviy loyihalar bilan tanishdi va samarali muzokaralar olib bordi

Mamlakatimizning Guanchjou shahridagi Bosh konsulligi Nukus tumani hokimligi bilan hamkorlikda Xitoyning Guandun provinsiyasi ishbilarmon delegatsiyasining Qoraqalpog‘istonga tashrifini tashkil etdi, deb xabar bermoqda ‘‘Dunyo’’ axborot agentligi muxbiri.

Avvalroq, 2025-yil mart oyida Qoraqalpog‘istonning Nukus tumani hokimligi delegatsiyasining Guandun viloyatiga tashrifi chog‘ida sanoat ishlab chiqarishini tashkil etish, tadbirkorlik subyektlari o‘rtasida kooperatsiya aloqalarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha qator kelishuvlarga erishilgan edi.

Xitoylik tadbirkorlar aniq loyihalarni muhokama qilish va hududning mavjud imkoniyatlari bilan tanishish maqsadida Nukusga keldi.

Delegatsiya tarkibiga Xitoyning ‘‘Guangzhou Fangchuan Lubricants Technology’’, ‘‘Dongguan Yaosheng’’, ‘‘Guangdong Weilian Wire and Cable’’, ‘‘Zhujinag Cable’’, ‘‘Opit Intellegent Equipment’’, ‘‘Ouyate Electric Products’’, ‘‘Dongguan Electronic Technology’’, ‘‘Hengyu Wisdom Technology’’ va boshqa kompaniyalari vakillari kirdi. Ular Qoraqalpog‘istonda viloyat hokimliklari, ishbilarmon doiralar vakillari bilan uchrashdi. Shu bilan birga, ular mavjud xomashyo bazasi va imkoniyatlari bilan yaqindan tanishdilar.

Muzokaralar yakunlari bo‘yicha tomonlar elektrotexnika, aqlli qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik sanoati, energetika va boshqa yo‘nalishlarda investitsiya loyihalarini ishlab chiqish va birgalikda amalga oshirish bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishdilar.