13 may 2025

Sloveniya bilan farmatsevtika, energetika va infratuzilma sohalarida qo‘shma loyihalar bo‘yicha kelishuvlarga erishildi

9-may kuni ISSV Ishchi guruhining Sloveniyaga tashrifi doirasida O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Akram Aliyev Lyublyana shahrida ushbu mamlakatning yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan bir qator uchrashuv va muzokaralar o‘tkazdi, deb xabar qilmoqda vazirlik matbuot xizmati.

Xususan, farmatsevtika, energetika, kimyo, infratuzilmaviy qurilish va qishloq xo‘jaligi sohalarida yangi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Farmatsevtika mahsulotlarini shartnoma asosida ishlab chiqarishni yo’lga qo’yish, yopiq futbol arenasi va  aviatsiya uchun angarlar qurish, kam quvvatli mikro GESlarni ishga tushirish, oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash, qishloq xo’jaligi texnikasi va butlovchi qismlarni ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish muhim yo’nalishlar sifatida belgilandi.

Telekommunikatsiya, sanoat elektronikasi va internet sohalariga ixtisoslashgan  “Kontron” zavodining ishlab chiqarish quvvatlari va texnologiyalari bilan tanishish maqsadida korxonaga tashrif buyurildi. Korxona rahbariyati bilan hamkorlikni chuqurlashtirishga kelishildi. Qoʻshma loyihalarning texnik jihatlari shu yilning 22-may kuni boʻlib oʻtgan biznes-forum davomida ishlab chiqiladi.