16 iyun 2025

Investorlarni himoya qilish: Yangi investitsiya qonuni, xalqaro arbitraj va ichki sud tizimi

Joriy yilning 11-iyun sanasida Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi muvofiqligi ostida Toshkent Xalqaro Investitsiya Forumida “Investorlarni himoya qilish: Yangi investitsiya qonuni, xalqaro arbitraj va ichki sud tizimi” mavzusida panel sessiya bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda vazirlik matbuot xizmati.

Tadbirda qayd etilishicha, O‘zbekiston yangi investitsiya qonunini qabul qilib, xalqaro investorlarning huquqlarini himoya qilish mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan keng qamrovli chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda. Ushbu qonun, shuningdek, xalqaro arbitraj va mamlakatning sud tizimi orqali investorlarni samarali himoya qilishni ko‘zda tutadi.

Xalqaro huquq bo‘yicha ekspert Diana Bayzakova moderatorlik qilgan sessiyada, O‘zbekiston hukumati tomonidan yangi qonunning joriy etilishi va u orqali investorlarning manfaatlarini himoya qilish uchun qanday tizimlar yaratish rejalashtirilgani muhokama qilindi. Shuningdek, Tashkent Xalqaro Arbitraj Markazi va O‘zbekistonning ichki sud tizimining investorlarni himoya qilishdagi o‘rni ham alohida ta’kidlandi.

Tadbirdagi nutq so‘zlaganlar:

  • David Gotlib, Cleary Gottlieb Steen & Hamilton kompaniyasining hamkori
    – Lusi M. Uinnington-Ingram, ReedSmith kompaniyasining hamkori
    – Tarik Sahovich, Turkiya va Markaziy Osiyo bo‘yicha maslahat dasturi rahbari, XMK
  • Kazumasa Mukae, Coca-Cola Uzbekistan kompaniyasi rahbari
    – Uilliam Tompson, OECDning Yevroosiyo bo‘limi rahbari

Kazumasa Mukae davlat aktivlarini xususiylashtirish qanchalik foydali bo‘lishi mumkinligini Coca-Cola Uzbekistan misolida tushuntirib berdi:

“Coca-Cola kompaniyasi O‘zbekistonda faoliyat yuritishni boshlaganiga 30 yildan oshdi. Biroq 2021 yilda hozirgi prezident Shavkat Mirziyoyev yetakchiligi bilan ilk xususiylashtirish amalga oshirildi. Shundan so‘ng biznes sezilarli rivojlandi. Nafaqat biz, balki hamkorlarimiz, ta’minotchilarimiz, mijozlarimiz ham o‘sishga erishdi, ko‘proq ish o‘rni yaratildi”.

Coca-Cola Uzbekistan rahbari investorlar uchun qaysidir davlatga sarmoya kiritishda asosiy jihatlardan biri ochiqlik va shaffoflik ekanini ta’kidladi. Uning fikricha hukumatning har qanday yangi boshqaruv qonunlari ortida iqtisodiy va ilmiy sabablar bo‘lishi kerak.

Spikerlar sessiya davomida investorlar uchun O‘zbekistonda yaratib berilayotgan qulay sharoitlarni alohida ta’kidlab, hukumat har qanday paytda investorning muammosini hal qilishga, unga yordam berishga tayyorligini qayd etib o‘tdi.

20 tadan oshiq davlatlarda, 30 dan oshiq loyihalarda ishlagan Xalqaro moliya korporatsiyasi vakili Tarik Sahovich investorlar uchun yangi qabul qilinayotgan qonun jahon standartlariga to‘liq mos kelishini ta’kidladi.

“Yangi qonun investorlarning bevosita va bilvosita huquqlarini himoya qilishga qaratilgan. Shuningdek, bu qonun mustaqil shaxsiy investitsiya faoliyati bilan shug‘ullanish imkonini beradi. Bunda hech qanday investitsion shartnoma imzolash zarurati bo‘lmaydi. Xorijiy investorlar bemalol shartnoma imzolamasdan turib ham qonun bilan belgilangan imkoniyatlardan foydalanishi mumkin”, — deydi Tarik Sahovich.

Mutaxassislar sud-huquq tizimining mustaqilligini ta’minlash va buni xorijiy investorlarga ko‘rsatib bera olish muhimligi haqida gapirdi. O‘zbekistonda esa bu borada ijobiy ishlar amalga oshirilayotgani yaqqol ko‘rinib turgani aytib o‘tildi.

ReedSmith kompaniyasining hamkori Lusi Uinnington-Ingram ham yangi qonun mamlakatning xalqaro investorlar uchun jozibadorligini oshirishi haqida gapirdi:

“Xorijiy investorlar haqida qonun bo‘lishi juda ham muhim, biroq bu amalda ishlashi va zamon talablariga javob berishi kerak. Qonunlarning uzoq muddatli va oldindan aytib bo‘ladigan bo‘lishi investorlarga ular himoya ostida ekani haqida ishonch beradi”

Mazkur panel sessiya O‘zbekistonda investorlarni himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi. Tadbirda yangi investitsiya qonuni asosida yaratilgan tizimlar, shu jumladan xalqaro arbitraj va ichki sud tizimlari orqali investorlarning huquqlarini himoya qilish uchun samarali mexanizmlar ishlab chiqilishi haqida batafsil ma’lumot berildi.

Ishtirokchilar O‘zbekistonning investorlar uchun ochiq va ishonchli bo‘lgan iqtisodiy muhitni yaratish yo‘lida amalga oshirilgan islohotlarning davom etayotganligini yana bir bor tasdiqladi.