18 iyun 2025

Qohirada xalqaro kompaniyalarning O‘zbekistonda ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya tizimini rivojlantirish loyihalarida ishtirok etish istiqbollari muhokama qilindi

O‘zbekiston elchixonasi diplomatlari ‘‘HESCO Maritime & Water’’ kompaniyasi boshqaruvchi direktori Reza Ardestani va ushbu kompaniyaning Qohira filiali loyiha menejeri Muhammad Abdulvaris bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.

‘‘HESCO Maritime & Water’’ — Ispaniyada roʻyxatdan oʻtgan xalqaro kompaniya boʻlib, dengiz tashish va suv resurslarini boshqarish loyihalarini amalga oshirishga ixtisoslashgan. Kompaniyaning asosiy faoliyati Fors ko’rfazi mamlakatlarida jamlangan.

Suhbat chog‘ida kompaniyaning O‘zbekistonda ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya tizimini rivojlantirish loyihalarida ishtirok etishi masalalari muhokama qilindi. Tomonlar kelgusidagi hamkorlik suv resurslarini samarali boshqarish, zamonaviy va ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, shuningdek, aholini sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlash uchun yangi imkoniyatlar ochishini ta’kidladilar.

Kompaniya vakillari kanalizatsiya tizimini takomillashtirish va bu borada innovatsion yechimlarni joriy etish maqsadida O‘zbekistonda qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha kompaniya va mamlakatimiz manfaatdor tashkilotlari o‘rtasida mazkur yo‘nalishlarda hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va rivojlantirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.