19 iyun 2025

Iqtisodiyot va moliya vazirligida XVJ delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari — Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov Xalqaro valyuta jamg‘armasining (XVJ) fiskal masalalar bo‘yicha delegatsiyasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar qilmoqda vazirlik axborot xizmati.

Delegatsiyaga XVJning Fiskal masalalar departamenti boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Shafik Hebus boshchilik qildi. Uchrashuvda, shuningdek, departamentning bosh iqtisodchisi Jan Fransua Ven, korporativ soliq imtiyozlari bo‘yicha qisqa muddatli ekspert Barbara Steyj, modellashtirish boʻlimi katta iqtisodchisi Filipp Vingender, soliq ma’murchiligi bo’yicha maslahatchi Giorgi Kandelaki, shuningdek, Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Axadbek Xaydarov, Soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev hamda boshqa mutasaddi rahbarlar ishtirok etdi.

Suhbat davomida O‘zbekiston fiskal siyosatini yanada takomillashtirish, jumladan, daromad bazasini kengaytirish, investitsiyalar va iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish, foyda soliq bazasini himoyalash kabi ustuvor yo‘nalishlar muhokama qilindi.

XVJ vakillari, shuningdek, bojxona siyosatini takomillashtirish, tartibga solish samaradorligini oshirish, soliq siyosatida adolat va samaradorlik tamoyillarini uyg‘unlashtirish bo‘yicha o‘z taklif va texnik yondashuvlarini taqdim etdi.

Uchrashuv davomida tomonlar o‘zaro fikr almashdi hamda XVJ ko‘magida davom etayotgan islohotlarni chuqurlashtirish, xususan, soliq tizimining ijtimoiy adolatga asoslanganligi va biznes muhitiga ijobiy ta’sirini kuchaytirish borasida hamkorlikni davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirdi.