20-iyun kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Muzaffar Madrahimov Singapur Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi (qarorgohi Singapurda) Zulkifli Baharudin bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda vazirlik matbuot xizmati.
Muzokaralar chog‘ida tomonlar O‘zbekiston – Singapur munosabatlarining hozirgi holati va istiqbollarini muhokama qildilar, 2023-yilda oliy darajadagi o‘zaro tashriflar doirasida erishilgan kelishuvlarning amalga oshirilishi borasida fikr almashdilar.
Tomonlar siyosiy muloqotni, jumladan, xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlikni kengaytirish, savdo va investitsiya sohalarida sheriklik munosabatlarini rivojlantirish, yangi qo‘shma investitsiya loyihalarini tezroq ishga tushirishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.
Shuningdek, tomonlar ta’lim, davlat xizmatchilarini tayyorlash va malakasini oshirish, turizm va sog‘liqni saqlash sohalaridagi hamkorlikni chuqurlashtirish maqsadida muntazam tashriflar va ikki mamlakatning turli idoralari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash muhimligini ta’kidladilar.