30 iyun 2025

Karachi shahrida O‘zbekiston-Pokiston biznes forumi bo‘lib o‘tdi

Mamlakatimizning Pokistondagi elchixonasi tashabbusi bilan O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi tomonidan tashkil etilgan ishbilarmon doiralar vakillari delegatsiyasining tashrifi doirasida Karachi shahrida O‘zbekiston-Pokiston biznes-forumi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.

Tadbirda kimyo, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik, charm-jun, farmatsevtika va qurilish sanoatida faoliyat yuritayotgan 150 dan ortiq pokistonlik va 40 nafar o‘zbekistonlik ishbilarmonlar ishtirok etdi.

Forumni O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev kirish so‘zi bilan ochdi. U o‘z nutqida ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarga alohida e’tibor qaratdi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida O‘zbekistonda investorlar uchun ochiq, zamonaviy va qulay muhit yaratilgani ta’kidlandi. Mintaqaviy bog‘lanish tashabbusi doirasidagi loyihalarni amalga oshirish ikki mamlakat xalqlari farovonligini oshirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Elchi, shuningdek, tovar ayirboshlash hajmini oshirish, qoʻshma loyihalarni yoʻlga qoʻyish va strategik sohalarda hamkorlikni kuchaytirish zarurligini taʼkidlab, qishloq xoʻjaligi, toʻqimachilik, energetika, axborot texnologiyalari va raqamlashtirish, farmatsevtika, turizm va logistika sohalarida salmoqli salohiyat mavjudligini taʼkidladi.

Biznes-forumda so‘zga chiqqan Pokiston Savdoni rivojlantirish boshqarmasi (TDAP) rahbari Faiz Ahmad ikki davlat tadbirkorlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish muhimligini ta’kidladi.

Ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirish ikki tomonlama iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, tovar ayirboshlash hajmini 2 milliard dollarga yetkazish, import o‘rnini bosuvchi va eksportbop mahsulotlarni birgalikda ishlab chiqarishni tashkil etish imkonini yaratishini ta’kidladi.

Biznes-forumda bir qator o‘zbekistonlik tadbirkorlar mamlakatimizda xorijiy investitsiyalar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, qo‘shma loyihalarni amalga oshirishning eng istiqbolli yo‘nalishlari haqida so‘zlab, taqdimot qildi.

Uchrashuv yakunida kimyo, toʻqimachilik, charm-jun, qurilish va qishloq xoʻjaligi sohalarida B2B muzokaralari oʻtkazildi va yangi savdo shartnomalari imzolandi.

Muzokaralarni davom ettirish va loyihalarni joyida muvofiqlashtirish maqsadida joriy yilning avgust oyida Pokistonning Sind viloyati tadbirkorlari delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.