02 iyul 2025

Xitoyning Guandun provinsiyasi ishbilarmonlar delegatsiyasi Buxoro va Andijon viloyatlariga tashrif buyurdi

O‘zbekistonning Guanchjou shahridagi Bosh konsulligi ko‘magida Guandun provinsiyasining yetakchi kompaniyalaridan iborat delegatsiya Buxoro va Andijon viloyatlariga tashrif buyurdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.

Tashrif O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi hududlararo hamkorlikni kengaytirish, xorijiy sarmoyalarni jalb etish va mamlakatimizga innovatsion texnologiyalarni joriy etish maqsadida tashkil etildi.

Tashrif doirasida Xitoyning “Zhongshan Hengsheng Washing Products”, “Guangzhou Landie Biotechnology”, “Guangzhou Chunyiyuan Technology”, “China Huaxin Investment Group”, “Shenzhen Yuehaitong International Co., Ltd” kabi kompaniyalari vakillari, Buxoro va Andijon viloyatlari rasmiy va ishbilarmon doiralari o‘rtasida uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.

Xitoy ishbilarmonlar delegatsiyasiga hududlarning iqtisodiy salohiyati, sarmoyaviy imkoniyatlar, sanoat va transport infratuzilmasi, xomashyo bazasi, shuningdek, xorijiy investorlar ishtirokida amalga oshirish uchun ishlab chiqilgan istiqbolli loyihalar taqdim etildi.

Muzokaralar yakunlari boʻyicha qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash, mebel sanoati, elektrotexnika, turizm va boshqa sohalarda qoʻshma sarmoyaviy va savdo loyihalarini ishlab chiqish boʻyicha kelishuvlarga erishildi.