03 iyul 2025

Shushada Iqtisodiy Hamkorlik Tashkilotining 6-biznes forumi bo‘lib o‘tdi

Ozarbayjonning Shusha shahrida, Iqtisodiy Hamkorlik Tashkiloti (IHT)ning 17 sammiti doirasida “Investitsiyalar va savdoga ko‘maklashish – IHT mintaqasida barqaror rivojlanish omili” mavzusidagi 6-biznes forumi bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda SSP matbuot xizmati.

Ushbu nufuzli xalqaro tadbirda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vaxabov boshchiligidagi ishbilarmon doira vakillaridan iborat delegatsiya ishtirok etmoqda.

Shuningdek tadbirda Ozarbayjon Savdo-sanoat palatasi prezidenti Niyaz Alizade, Afg‘oniston Savdo va investitsiyalar palatasi raisi Tavakal Axmadyar, Tojikiston Savdo-sanoat palatasi raisining birinchi o‘rinbosari Nasimjon Anvarov, Turkiya Savdo-sanoat palatalari va tovar birjalari ittifoqi birinchi vitse-prezidenti Ali Kopuz, Qirg‘iz Respublikasi Savdo-sanoat palatasi vitse-prezidenti Mamasadik Bakirov, Pokiston Savdo va sanoat palatalari federatsiyasi vitse-prezidenti Aun Ali Sayed hamda Qozog‘iston Tashqi savdo palatasi apparati rahbari Asan Jakishev qatnashdilar.

Iqtisodiy Hamkorlik Tashkiloti (IHT) — o‘nta davlatni o‘z ichiga olgan mintaqaviy tashkilot bo‘lib, asosiy vazifasi aʼzo mamlakatlar o‘rtasida barqaror iqtisodiy rivojlanishni taʼminlash hamda savdo va investitsiyalar sohasidagi integratsiyani mustahkamlashdan iborat.

IHT 1985-yilda Eron, Pokiston va Turkiya tomonidan tashkil etilgan bo‘lib, 1992 yildan boshlab Markaziy Osiyo va Kavkaz mintaqasidan yettita mamlakat, jumladan O‘zbekiston ham aʼzo sifatida qo‘shilgan.

Tashkilot doirasida savdo, transport, energetika, turizm, qishloq xo‘jaligi, ekologiya, sog‘liqni saqlash va taʼlim kabi muhim sohalarda keng ko‘lamli hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.

Davron Vaxabov o‘z nutqida O‘zbekistonning tashqi savdo aloqalari, mintaqaviy iqtisodiy integratsiya va amalga oshirilayotgan islohotlar haqida batafsil maʼlumot berib, aʼzo davlatlar o‘rtasidagi hamkorlik va kooperatsiya imkoniyatlarini mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratdi.

2024-yil yakuniga ko‘ra O‘zbekistonning IHT mamlakatlari bilan umumiy tashqi savdo aylanmasi 11 milliard AQSH dollaridan oshdi, shundan 5,56 milliard dollari eksport, 5,48 milliard dollari importni tashkil etdi.

Ishtirokchilar o‘rtasida B2B va B2G formatlarida uchrashuvlar tashkil etilib, bu uchrashuvlarda yangi biznes g‘oyalari va hamkorlik loyihalari muhokama qilindi.

Tadbir O‘zbekiston tadbirkorlari uchun yangi bozorlarga kirish va IHTga aʼzo mamlakatlar bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni yana-da kengaytirishda muhim qadam hisoblanadi.