07 iyul 2025

Malayziyaning ‘‘Imago Engineering’’ kompaniyasi O‘zbekistonda innovatsion yem ishlab chiqarish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.

O‘zbekiston elchisi Karomiddin Gadoyev Malayziyaning ‘‘Imago Engineering Sdn. Bhd.’’ kompaniyasi bosh direktori Leonid Nikishov bilan uchrashdi , deb xabar beradi “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.

Uchrashuv davomida O’zbekiston qishloq xo‘jaligi sohasida innovatsion loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.

Leonid Nikishov elchiga parrandachilik chiqindilarini qimmatbaho ozuqa oqsili va organik o‘g‘itlarga aylantirish bo‘yicha o‘z kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan texnologiyani taqdim etdi.

‘‘Imago Engineering’’ texnologiyasi muvaffaqiyatli laboratoriya sinovlaridan o’tdi va Malayziya qishloq xo’jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi vazirligi tomonidan tasdiqlangan va patent muhofazasiga ega bo‘ldi. Leonid Nikishov ta’kidlaganidek, ushbu texnologiyani qo‘llash parrandachilik fermalari bilan bog‘liq issiqxona gazlari chiqindilari va yoqimsiz hidlarni sezilarli darajada kamaytirishga yordam beradi. Texnologik jarayonni boshqarish masofadan turib amalga oshiriladi, bu esa ishlab chiqarishni turli fermer xo‘jaliklariga moslashtirishga imkon beradi.

Malayziya tomoni O‘zbekistonda to‘liq avtomatlashtirilgan bioreaktorlar tizimi bilan jihozlangan zavod qurilishi bo‘yicha pilot loyihani amalga oshirish niyatini bildirdi. ‘‘Imago Engineering’’ kompaniyasi davlat-xususiy sheriklik doirasida investor va sherik sifatida ishtirok etishga tayyor.

‘‘Imago Engineering’’ vakillari O‘zbekistonda parrandachilik chiqindilarini qayta ishlash texnologiyasini joriy etish soya va boshqa oqsil ozuqalari importi hajmini sezilarli darajada kamaytiradi, shuningdek, qurg‘oqchil hududlarni ko‘kalamzorlashtirish va yashil hududlarni kengaytirish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish uchun organik o‘g‘itlarni barqaror yetkazib berishni ta’minlaydi.

2022-yilda tashkil etilgan ‘‘Imago Engineering Sdn. Bhd.’’ innovatsion biotexnologik tadqiqotlar o‘tkazish va qishloq xo‘jaligi chiqindilarini qayta ishlash bo‘yicha echimlarni ishlab chiqishga ixtisoslashgan. Kompaniya hasharotlardan foydalanishga asoslangan texnologiyalarni joriy etish orqali chorvachilikda oziq-ovqat xavfsizligi va atrof-muhitni muhofaza qilishga hissa qo‘shishga intiladi.