Abu-Dabida O‘zbekistonning iqtisodiy, sarmoyaviy va sayyohlik salohiyatiga bag‘ishlangan biznes-forum bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.
Tadbir O‘zbekiston elchixonasi tomonidan Yevroosiyo ko‘rfazi uyushmasi va ‘‘Capital Club Dubai’’ bilan hamkorlikda tashkil etildi. Unda BAAning tibbiyot, transport, qurilish, sport menejmenti va konsalting sohalaridagi 40 dan ortiq ishbilarmon doiralari va moliya tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.
Forumdan ko‘zlangan asosiy maqsad BAA ishbilarmon doiralarini mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar va ochilayotgan yangi sarmoyaviy imkoniyatlar haqida xabardor qilishdan iborat.
Tadbirda iqtisodiyotni liberallashtirish, soliq tizimini soddalashtirish va davlat korxonalarini xususiylashtirish, Xorijiy investorlar kengashi faoliyati, 400 dan ortiq xizmatlarni raqamlashtirish va islohotlarning boshqa natijalari haqida ma’lumotlar berildi.
Ishtirokchilarga energetika, tog‘-kon-geologiya, farmatsevtika, to‘qimachilik va qurilish sohalarida hamkorlik qilish imkoniyatlari haqida tushuntirishlar berildi, istiqbolli investisiya loyihalari taqdim etildi.
Forum yakunlari boʻyicha savdo-iqtisodiy, turizm va sarmoyaviy hamkorlik sohasidagi amaliy ishlarni jadallashtirish, yangi loyihalarni ishlab chiqish, oʻzaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish boʻyicha kelishuvlarga erishildi.
Tadbir ishtirokchilariga O‘zbekistonning boy madaniy merosi, sayyohlik va sarmoyaviy salohiyati haqida hikoya qiluvchi reklama materiallari namoyish etildi, shuningdek, bir qator Amirlik kompaniyalari vakillarining O‘zbekistonga tashriflarini tashkil etish masalalari muhokama qilindi.