O‘zbekistonning Turkiyadagi elchixonasi tomonidan Turkiya tashqi iqtisodiy aloqalar kengashi (DEİK)ning Turkiya-O‘zbekiston qo‘mitasi bilan davra suhbati bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.
Tadbirda oʻzbekistonlik diplomatlar va qoʻmita raisi Oʻzgur Onur Oʻzguven boshchiligidagi DEİK aʼzolaridan iborat delegatsiya ishtirok etdi.
Uchrashuvdan ko‘zlangan asosiy maqsad O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy sohalardagi hamkorlikni yanada kengaytirishdan iborat bo‘ldi.
DEİK aʼzolari Oʻzbekistonning energetika, qishloq xoʻjaligi, qurilish va axborot texnologiyalari kabi sohalardagi yuksak salohiyatini taʼkidladilar. Ular ushbu sohalardagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qilish uchun qo‘shma tadbirlar, shuningdek, G2B va B2B formatlarida uchrashuvlar o‘tkazishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
2025-yil davomida “12 oy, 12 hudud” turkumidagi vebinarlarni o‘tkazish tashabbusi yuqori baholandi.
‘‘Yilning birinchi yarmida Buxoro, Xorazm, Namangan, Jizzax, Samarqand viloyatlari va Toshkent shahar hokimligi bilan hamkorlikda mazmunli tadbirlarni muvaffaqiyatli amalga oshirdik. Natijada aniq kelishuvlarga erishdik va manfaatdor kompaniyalarning O‘zbekistonga tashrifini tashkil etishni rejalashtirganmiz’’, – deydi O‘zgur Onur Ozgyuven.
Tadbir so‘ngida bugun O‘zbekistonda amalga oshirilishi rejalashtirilgan davlat-xususiy sheriklik va tog‘-kon sanoati sohasidagi loyihalarga yuqori darajadagi qiziqish bildirildi. DEİK, shuningdek, tashkilot rahbarlari boshchiligidagi delegatsiyalarning Turkiyaga tashriflarini tashkil etish, qoʻshma tadbirlar oʻtkazish va potentsial manfaatdor turk kompaniyalarining ishtirokini taʼminlashda har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga tayyorligini maʼlum qildi.