Uels poytaxtida O‘zbekiston elchixonasi tomonidan Buyuk Britaniya hududlari bilan savdo va sarmoyaviy hamkorlikni yanada faollashtirish maqsadida uchrashuvlar va biznes-forum bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.
Biznes-forumda Uels taraqqiyot banki, Ta’lim sohasida hamkorlik tashkiloti (WEPco), Savdo-sanoat palatasi, shuningdek, mintaqadagi bir qator yirik kompaniyalar, xususan, ‘‘United Concrete Canvas’’, ‘‘Deploy’’, ‘‘KPX Entertainment Technology’’, ‘‘Capital Law’’ va boshqalar rahbarlari va vakillari ishtirok etdi.
Tadbir davomida Britaniya tomoniga O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, jumladan, milliy iqtisodiyotni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar taqdim etildi.
Shuningdek, respublikada qayta tiklanadigan energiya, kimyo sanoati, metallurgiya, elektrotexnika, farmatsevtika, oziq-ovqat sanoati va ta’lim sohalarida amalga oshirilayotgan aniq investisiya loyihalari taqdimotlari o‘tkazildi.
Ishtirokchilar keyingi yillarda O‘zbekistonda sarmoyaviy muhit sezilarli darajada yaxshilangani, xalqaro kompaniyalarning mamlakatimizda biznes yuritishga qiziqishi ortib borayotganini alohida ta’kidladilar. Shuningdek, Britaniya tomoni moliya-bank sektori, ta’lim, atrof-muhitni muhofaza qilish, yirik davlat kompaniyalarini xususiylashtirishda ishtirok etishga qiziqish bildirgan.
Uchrashuvlar va muzokaralar yakunlari bo‘yicha Uels va O‘zbekiston hududlari o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, yuqorida qayd etilgan yo‘nalishlar bo‘yicha aniq loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Uels Buyuk Britaniyaning to‘rtta ma’muriy va siyosiy mintaqalaridan biri bo‘lib, 3,1 million aholiga ega. Yalpi hududiy mahsulot (YaHM) 115,7 mlrd. Iqtisodiyot asosan xizmat koʻrsatish sohasi, turizm, qishloq xoʻjaligi va sanoatga asoslangan. Uelsda qayta tiklanadigan energiya manbalari (shu jumladan shamol va gidroenergetika) katta ahamiyatga ega. Qishloq xoʻjaligida chorvachilik va sut mahsulotlari yetishtirish yetakchi soha hisoblanadi.
Aytish joizki, Kardiff shahri mintaqaning asosiy iqtisodiy markazi sifatida ajralib turadi. So‘nggi yillarda Uels Buyuk Britaniyaning ko‘plab mintaqalariga nisbatan yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlarini va nisbatan barqaror farovonlikni saqlab qoldi.