16 iyul 2025

London fond birjasida O‘zbekiston bankining navbatdagi yevroobligatsiyalari muvaffaqiyatli joylashtirildi

‘‘O‘zmilliybank’’ aksiyadorlik jamiyati delegatsiyasining Britaniyaga tashrifi doirasida London fond birjasida navbatdagi muvaffaqiyatli emissiya amalga oshirildi, deb xabar qilmoqda ‘‘Dunyo’’ AA muxbiri.

Xususan, ‘‘O‘zmilliybank’’ xalqaro kapital bozorida 418 million AQSh dollari ekvivalentida ikki transhdan iborat obligatsiyalarni joylashtirdi.

Ya’ni 300 million AQSh dollarlik obligatsiyalar 5 yil muddatga 7,2 foiz kupon stavkasida, 1,5 trillion so‘mlik obligatsiyalar 3 yil muddatga 17,95 foiz kupon stavkasida qo‘’yildi.

Yevrobondlarni chiqarish jarayoniga yetakchi xalqaro moliya institutlari va yuridik kompaniyalar, jumladan ‘‘Standard Chartered’’, ‘‘J.P. Morgan’’, ‘‘Citi’’, ‘‘Societe Generale’’, ‘‘Natixis’’, ‘‘Mashreqbank’’, ‘‘ADCB’’, ‘‘OIB’’, ‘‘Commerzbank’’, ‘‘Dentons’’, ‘‘Kosta Legal’’, ‘‘Deloitte & Touche’’ va boshqalar jalb etildi.

‘‘O‘zmilliybank’’ obligatsiyalari chiqarilishi 140 dan ziyod xalqaro institutsional investorlar tomonidan katta qiziqish bilan kutib olinib, arizalarning umumiy hajmi esa 1,3 milliard dollardan oshdi.

Qulay bozor sharoitlari va O‘zbekiston kompaniyalari qimmatli qog‘ozlariga oshib borayotgan talab tufayli ‘‘O‘zmilliybank’’ning o‘tgan yilgi emissiyasiga nisbatan kupon stavkalarini pasaytirishga erishildi.

Mazkur holat xalqaro investitsiya jamoatchiligi tomonidan O’zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida olib borilayotgan islohotlar samaradorligiga bo‘lgan ishonchning ortib borayotganini aks ettiradi.