18 iyul 2025

O‘zbekiston va Misr farmatsevtika sohasida hamkorlikni kengaytirmoqda

O‘zbekistonning “Propharm partners’’/‘‘Lafz” farmatsevtika kompaniyalari rahbariyati Misrga tashrif buyurdi va u yerda samarali muzokaralar olib borildi va o‘zaro manfaatli kelishuvlar imzolandi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.

‘‘ACDIMA’’ xoldingi vakillari bilan o‘tkazilgan muzokaralar yakunida mamlakatimizda bir qator farmatsevtika mahsulotlarini birgalikda mahalliylashtirish bo‘yicha kelishuv imzolandi. Tomonlar loyihani amalga oshirish shartlari va mexanizmini kelishib oldilar.

‘‘ACDIMA’’ Yaqin Sharqdagi eng yirik farmatsevtika xoldingi boʻlib, farmatsevtika sanoatining turli sohalariga ixtisoslashgan 17 ta kompaniyani oʻz ichiga oladi. Ularda ayni paytda 1200 turdagi farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda.

Tashrif davomida, shuningdek, ‘‘ACDIMA’’ xolding tarkibiga kiruvchi ‘‘EIPICO’’, ‘‘MUP’’ (‘‘Medical Union Pharmaceuticals’’) va October pharma bilan farmatsevtika mahsulotlarini yetkazib berish bo‘yicha distribyutorlik shartnomalari imzolandi.

Imzolangan hujjatlarda Misr korxonalari tomonidan ishlab chiqarilgan, aholimiz ehtiyojlari uchun zarur bo‘lgan sifatli va arzon dori vositalarini import qilish va keyinchalik mahalliylashtirish ko‘zda tutilgan.