Jahon banki Ijrochi direktorlar kengashi O‘zbekiston uchun 250 mln dollar miqdoridagi kreditni tasdiqladi, deb xabar qilmoqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi Axborot xizmati va kommunikatsiyalar boshqarmasi.
Mablag‘lar oliy, professional ta’limda talabalarni moliyalashtirish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan yangi dastur («EduImkon» dasturi)ni amalga oshirishga yo‘naltiriladi. Dastur 2026–2028-yillarda talabalar uchun ta’lim kreditlari tizimini isloh qilish, uning qamrovini kengaytirish va barqarorligini ta’minlashni nazarda tutadi.
Ushbu loyiha Jahon bankining natijaga asoslangan moliyalashtirish (Program for Result) instrumenti asosida mablag‘ ajratish erishilgan ko‘rsatkichlarga asosan (Disbursement Linked Indicators) moliyalashtiriladi. Mazkur instrument orqali moliyalashtirish tajribasi O‘zbekistonda birinchi marotaba amalga oshirilmoqda.
Dastur doirasida kelgusi uch yil davomida 600 ming nafar yoshning ta’lim kreditlaridan foydalanish imkoniyatlari kengaytiriladi. Ajratiladigan mablag‘larning qariyb 80 foizi kam ta’minlangan oilalar farzandlari hamda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiriladi.
O‘zbekiston hukumati 14–30 yoshdagi yoshlar sonining yuqoriligi (taxminan 10 million kishi)ni inobatga olgan holda, ularning oliy, texnik va kasb-hunar ta’limiga kirish imkoniyatini oshirishni ustuvor vazifa sifatida belgilagan. So‘nggi yillarda amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida oliy ta’lim muassasalari soni qariyb 3 baravarga ko‘paydi, oliy ta’lim bilan qamrov darajasi esa 2017-yildagi 8 foizdan 2024-yilda 48 foizga yetdi.
Biroq talabalikning keskin ortishi byudjet yuklamasini oshirib, subsidiyalangan ta’lim kreditlari tizimining barqarorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Amaldagi tizimda kreditlar tijorat banklari orqali ajratiladi, ammo ularning mehnat bozori ehtiyojlariga moslashuvi yetarli emas. Jumladan, STEM va AKT yo‘nalishlari bo‘yicha ta’lim olayotganlar ulushi past bo‘lib, bu bitiruvchilarning yuqori daromadli ishga joylashish imkoniyatlarini cheklaydi.
Shuningdek, xotin-qizlar talabalar tarkibining 55 foizini, ta’lim krediti oluvchilarning 80 foizini tashkil etsada, ularning atigi 33 foizi mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan STEM yo‘nalishlarida tahsil olmoqda.
«EduImkon» dasturi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan amalga oshirilib, quyidagi asosiy yo‘nalishlarni o‘z ichiga oladi:
– ta’lim kreditlari tizimini modernizatsiya qilish, aniq «yo‘l xaritasi»ni ishlab chiqish va idoralararo muvofiqlashtirishni kuchaytirish;
– arizalarni ko‘rib chiqish jarayonini soddalashtiruvchi va tezlashtiruvchi yagona onlayn platformani joriy etish, tahliliy ma’lumotlar orqali shaffoflik va samaradorlikni oshirish;
– kam ta’minlangan oilalar va xotin-qizlar uchun kredit olish shartlarini soddalashtirish hamda qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini takomillashtirish orqali ta’limdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish;
– ta’lim tizimini mehnat bozori talablariga moslashtirish va ta’lim kreditlari tizimining uzoq muddatli moliyaviy barqarorligini ta’minlash;
– past daromadli yoki o‘qishni tugatgach vaqtinchalik ishsizlikka duch kelgan yoshlar uchun daromadga bog‘liq to‘lov mexanizmlarini ishlab chiqish va sinovdan o‘tkazish.
2028-yil dekabriga qadar oliy, texnik va kasb-hunar ta’limi muassasalarida o‘qiyotgan 600 ming nafar talaba modernizatsiya qilingan tizim imkoniyatlaridan foydalanishi kutilmoqda. Ta’lim kreditlari Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishilgan holda 12 ta tijorat banki tomonidan ajratiladi.
Dastur mablag‘larining 190 mln dollardan ortiq qismi aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlashga, jumladan kam ta’minlangan oilalar farzandlari va xotin-qizlarga ta’lim kreditlari ajratishga yo‘naltiriladi. Shuningdek, kreditlar orqali mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan, xususan STEM yo‘nalishlariga o‘qishni rag‘batlantirish ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, «EduImkon» dasturi doirasida qo‘shimcha 30 mln dollar xususiy kapitalni jalb qilish rejalashtirilmoqda. Bu esa talabalarning kredit olish imkoniyatlarini kengaytiradi va davlat byudjeti yuklamasini kamaytiradi.