11 mart 2026

ISSVda vazir o‘rinbosari hamda «Fang Yuan» kompaniyasi bosh direktori o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi

2-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida vazir o‘rinbosari Ilzat Kasimov hamda «Fang Yuan» kompaniyasi bosh direktori Chang Xiaolong o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda vazirlik matbuot xizmati.

Muzokaralar davomida investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish va sanoat yo‘nalishidagi istiqbolli loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. Kompaniya rahbari yuqori texnologiyalar asosida zamonaviy shisha mahsulotlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish loyihasini taqdim etdi.

Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikni izchil rivojlantirish, ishbilarmonlik aloqalarini mustahkamlash hamda ikki tomonlama loyihalarni bosqichma-bosqich amalga oshirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

«Fang Yuan» Xitoy Xalq Respublikasining shisha mahsulotlari ishlab chiqarish sohasidagi yirik kompaniyalaridan biri bo‘lib, 20 dan ortiq mamlakatda faoliyat yuritadi. Kompaniya qurilish materiallari, kimyo sanoati hamda qishloq xo‘jaligi yo‘nalishlarida loyihalarni amalga oshirib kelmoqda.