Toshkent shahrida O‘zbekiston–Xitoy biznes-forumi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Ilzat Kasimov hamda Xitoy Xalq Respublikasi Shensi provinsiyasi gubernatori o‘rinbosari Li Jun o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda vazirlik matbuot xizmati.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi strategik sheriklikni yanada rivojlantirish, hududlararo hamkorlikni mustahkamlash hamda Uchinchi O‘zbekiston–Xitoy hududlararo forumiga tayyorgarlik masalalari muhokama qilindi. Shensi delegatsiyasining tashrifi mazkur forum arafasida alohida ahamiyat kasb etishi va uning tashkiliy hamda mazmuniy jihatlarini kelishib olish imkonini berayotgani ta’kidlandi. O‘zbekiston delegatsiyasining Shensi provinsiyasining Sian shahriga tashrifini amalga oshirish bo‘yicha kelishildi.
Mazkur forum 2026-yil may oyida Shensi provinsiyasining Sian shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan bo‘lib, unda ikki mamlakat vazirlik va idoralari hamda ishbilarmon doiralari vakillaridan qariyb 2 000 nafarning ishtirok etishi kutilmoqda.
Uchrashuvda, shuningdek, kimyo, to‘qimachilik va neft-gaz sohalarida sanoat kooperatsiyasini kengaytirish hamda qo‘shma loyihalarni ishga tushirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Biznes vakillari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni yo‘lga qo‘yish uchun barqaror platforma shakllantirish zarurligi qayd etildi.
Muzokaralar yakunida tomonlar forumga tayyorgarlik jarayonini izchil davom ettirish hamda muntazam muvofiqlashtirib borishga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar.