Samarqandda bo‘lib o‘tgan OTB Yillik yig‘ilishi doirasida O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Koreya Eksport-import banki (KEXIM) o‘rtasida strategik hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolandi, deb xabar qilmoqda vazirlik matbuot xizmati.
Tadbirda O‘zbekiston tomonidan Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev va investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Shoxrux Gulamov, Koreya tomonidan esa KEXIM raisi va bosh ijrochi direktori Xvan Ki Yon ishtirok etdi.
Mazkur hujjat energetika, raqamlashtirish, sun’iy intellekt va «yashil» infratuzilma sohalarida loyihalarni moliyalashtirish mexanizmlarini joriy etishni ko‘zda tutadi.
Kelisuvni hayotga tatbiq etish maqsadida tomonlar qo‘shma ishchi guruhini tuzadilar. Xvan Ki Yon bank O‘zbekiston bozorida faoliyat yuritayotgan Koreya kompaniyalarini moliyaviy jihatdan faol qo‘llab-quvvatlashini alohida ta’kidladi.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Koreya hamkorligidagi muhim voqealarga ham to‘xtalib o‘tildi. Xususan, EDCF jamg‘armasi ko‘magida Koreya texnologiyalari asosida yaratilgan yuqori tezlikda harakatlanuvchi poyezdlarning ishga tushirilishi hamda «K-Finance» strategiyasi doirasida KEXIM va KOTRA idoralarining birlashtirilishi qayd etildi. Bu esa koreyalik tadbirkorlar uchun «yagona darcha» tamoyili asosida moliyaviy va marketing yordamini olish imkonini beradi.