Sian shahrida Oʻzbekiston-Xitoy mintaqalararo hamkorlik boʻyicha uchinchi forum boʻlib oʻtdi, deb xabar bermoqda ‘‘Dunyo’’ AA muxbiri.
Oʻzbekistonning Pekindagi elchixonasi va Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi tomonidan Xitoy tomoni bilan hamkorlikda tashkil etilgan nufuzli tadbirda ikki mamlakat vazirliklari va idoralari vakillari, mintaqaviy rahbarlar, savdo-sanoat palatalari, ishbilarmon doiralar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Ishbilarmonlik aloqalarini mustahkamlash va investitsiyalarni jalb qilish maqsadida oʻtkazilgan forumda soʻzga chiqqanlar mamlakatlarimiz oʻrtasidagi ikki tomonlama sheriklikning strategik ahamiyatini taʼkidladilar. Oʻtgan yili oʻzaro savdo hajmi 18 milliard dollarga, Xitoyning Oʻzbekistonga investitsiyalari esa 17 milliard dollarga yetgani taʼkidlandi.
Ikki mamlakat mintaqalari oʻrtasidagi hamkorlik yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirishga, ishlab chiqarish va sanoat quvvatlarini, logistika inshootlarini va energetika infratuzilmasini yaratishga yordam berishi taʼkidlandi.
Ishtirokchilar ushbu forum Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasidagi mintaqalararo hamkorlikni yangi bosqichga koʻtarishga, qoʻshma tashabbuslarni amalga oshirish uchun yangi imkoniyatlar ochishga, investitsiya sherikliklarini kengaytirishga va ikki mamlakat xalqlarini yanada yaqinlashtirishga yordam berishini taʼkidladilar.
Forum doirasida mamlakatimizning eksport, turizm va investitsiya salohiyatini namoyish etish uchun 2000 kvadrat metrlik Oʻzbekiston Milliy paviloni tashkil etildi.
Shuningdek, yashil iqtisodiyot, raqamlashtirish, ta’lim, ayollar tadbirkorligi, turizm, transport va logistika, innovatsiya va qishloq xoʻjaligi boʻyicha yalpi sessiyalar boʻlib oʻtdi.
Uchrashuvlar va muzokaralardan soʻng tomonlar uzoq muddatli mintaqalararo hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan investitsiya va hamkorlik loyihalari boʻyicha bir qator kelishuvlarni imzoladilar.
Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasidagi Birinchi Mintaqalararo Hamkorlik Forumi 2024-yil yanvar oyida Xitoyning Urumchi shahrida, Ikkinchi Mintaqalararo Forum esa 2025-yil iyun oyida Samarqand shahrida boʻlib oʻtdi.