06 avgust 2026

Tokioda Farg‘ona viloyati va Yaponiyaning Tochigi prefekturasi o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi

O‘zbekistonning Yaponiyadagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Muhsinxo‘ja Abdurahmonov Tochigi prefekturasi hukumati departamentining katta direktori Sigeyoshi Masubuti, shuningdek, Yaponiyaning O‘zbekistondagi sobiq elchisi Fumihiko Kato bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Uchrashuv davomida Tochigi prefekturasi va Farg‘ona viloyati o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Yaponiya tomoni aholisi 4,2 million kishini tashkil etadigan va yuqori ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish sur’atlarini namoyon etayotgan Farg‘ona viloyati bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga qiziqish bildirdi. Farg‘ona viloyati va Tochigi prefekturasi o‘rtasidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash masalasiga alohida e’tibor qaratildi.

Xususan, tomonlar kadrlar tayyorlash va yapon tilini o‘rganish, oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi, ta’lim va mehnat migratsiyasi sohalarida yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari yuzasidan fikr almashdilar.