12 avgust 2026

Pokistonning yetakchi konsorsiumi O‘zbekiston mehmonxona biznesiga sarmoya kiritishni rejalashtirmoqda

O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev Pokistonning «Khan International Investment Consortium» kompaniyasi bosh direktori Habib Xon bilan muzokaralar o‘tkazdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.

Uchrashuv boshida Pokiston tomoniga O‘zbekistonda so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar va ularning natijalari, mamlakatdagi qulay investitsiya muhiti, xorijiy investorlar uchun yaratilgan imkoniyatlar, shuningdek, O‘zbekistonning boy turizm salohiyati haqida ma’lumot taqdim etildi.

Habib Xonning so‘zlariga ko‘ra, «Khan International Investment Consortium» kompaniyasi nafaqat Pokistonda, balki AQSHda ham muvaffaqiyatli faoliyat yuritib, mehmonxonalarni boshqarish, mehmonxona xizmatlarini ko‘rsatish va boshqa sohalardagi loyihalarni amalga oshirishga ixtisoslashgan.

«Biz O‘zbekistonning yirik mehmonxonalari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni va mamlakat bozoriga AQSHning nufuzli xalqaro mehmonxona brendi “Best Western”ni olib kirishni rejalashtirmoqdamiz. Buning uchun mazkur brendning O‘zbekiston hududida faoliyat yuritishi bo‘yicha tegishli ruxsatnoma allaqachon olingan», — dedi u.

Uchrashuv davomida tomonlar Toshkent viloyatida mehmonxona biznesini rivojlantirishga investitsiyalarni jalb etish, ko‘chmas mulk sohasidagi loyihalarni amalga oshirish, zamonaviy turar joy majmualarini qurish, «O‘zvino sanoat-xolding» kompaniyasi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, Jizzax viloyatining Zomin tumanida qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish istiqbollarini muhokama qildilar.

Muzokaralar ishtirokchilari ushbu yo‘nalishlardagi hamkorlik ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada mustahkamlash va yangi ish o‘rinlarini yaratishga xizmat qilishini ta’kidladilar.

Uchrashuv yakunida muhokama qilingan istiqbolli loyihalarni o‘rganish va ularni amaliyotga tatbiq etish maqsadida «Khan International Investment Consortium» delegatsiyasining O‘zbekistonga biznes missiyasini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

«Khan International Investment Consortium» ko‘chmas mulk, mehmonxona biznesi, elektrotransport ishlab chiqarish, energetika va qurilish sohalarida faoliyat yurituvchi oilaviy biznes guruhi hisoblanadi. Konsorsium AQSH, Buyuk Britaniya, Xitoy va Pokistonda qator biznes loyihalarni amalga oshirgan hamda 24 dan ortiq mehmonxonani boshqaradi.