2026-yil 19-avgust kuni Toshkentda O‘zbekiston Respublikasi va Ozarbayjon Respublikasi tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida tashqi ishlar vazirlari o‘rinbosarlari Bobur Usmanov va Samir Sharifov darajasida siyosiy maslahatlashuvlarning navbatdagi davrasi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda TIV matbuot xizmati.
Muzokaralar davomida tomonlar strategik sheriklik va ittifoqchilik ruhidagi O‘zbekiston-Ozarbayjon munosabatlarining bugungi holati va ularni yanada rivojlantirish istiqbollarini, shuningdek, siyosiy muloqotni mustahkamlash hamda ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi.
Bo‘lajak Oliy darajadagi tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni chuqurlashtirish, transport, logistika, energetika hamda madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.
Amaliy hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish zarurligi alohida ta’kidlandi. Sanoat sohasida yangi qo‘shma loyihalarni ilgari surish, ikki tomonlama savdo hajmini yanada oshirish uchun mavjud salohiyatdan maksimal darajada foydalanish, shuningdek, sog‘liqni saqlash va madaniyat sohalaridagi hamkorlikni faollashtirish muhimligi qayd etildi.
Shuningdek, o‘zaro manfaatdor bo‘lgan mintaqaviy va xalqaro kun tartibining dolzarb masalalari yuzasidan atroflicha fikr almashildi.