21 avgust 2026

Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Saudiya Arabistoni Podshohligining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi bilan uchrashuv o‘tkazdi

20-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Saudiya Arabistoni Podshohligining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Saad Abu Haymed bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar qilmoqda ISSV matbuot xizmati.

Tomonlar savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni yanada kengaytirish masalalarini muhokama qildilar. 2025-yilda o‘zaro savdo aylanmasi 178 mln dollarni (+24%), o‘zlashtirilgan Saudiya investitsiyalari hajmi esa 2,8 mlrd dollarni (+105%) tashkil etdi. O‘zbekistonda Saudiya kapitali ishtirokidagi 433 ta korxona faoliyat yuritmoqda.

Alohida e’tibor savdo hajmini oshirish va diversifikatsiya qilish, o‘zaro biznes-missiyalar va ko‘rgazmalar tashkil etish, shuningdek, energetika, raqamli texnologiyalar, transport, moliya, sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalaridagi qo‘shma loyihalarni ilgari surishga qaratildi.

Uchrashuv yakunida Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishini 2026-yil IV choragida Ar-Riyod shahrida o‘tkazish taklif etildi. Shuningdek, Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tadigan EXPO 2030 ko‘rgazmasida O‘zbekiston pavilyonini tashkil etish masalalari muhokama qilindi.