20-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Mordoviya Respublikasi Rahbari Artyom Zdunov bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar qilmoqda ISSV matbuot xizmati.
Tomonlar savdo-iqtisodiy aloqalarni, sanoat kooperatsiyasini hamda hududlar o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini ko‘rib chiqdilar.
Farmatsevtika, elektrotexnika, metallurgiya, qishloq xo‘jaligi, yog‘ochni qayta ishlash va IT sohalarida qo‘shma loyihalarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.
Buxoro, Navoiy va Jizzax viloyatlaridagi sanoat parklari hududlarida yangi ishlab chiqarish quvvatlarini joylashtirish, shuningdek, korxonalar o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni kengaytirish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Tomonlar aniq kooperatsiya va investitsiya tashabbuslarini ishlab chiqishni jadallashtirish hamda tegishli tuzilmalar va ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldilar.️