Joriy yilning 12-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Shoxrux Gulamov ishtirokida Koreya Respublikasining Inchxon shahrida O‘zbekiston mahsulotlarini saqlash va Koreya bozorida ilgari surishga mo‘ljallangan bojxona ombori ishga tushirildi, deb xabar qilmoqda ISSV matbuot xizmati.
Inchxon xalqaro aeroporti hududida joylashgan, umumiy maydoni 980 kv. metr bo‘lgan mazkur ombor O‘zbekiston eksportyorlari uchun mahsulotlarni vaqtincha saqlash, bojxona rasmiylashtiruvi va karantin jarayonlarini amalga oshirish imkonini beradi hamda har bir konteyner bo‘yicha xarajatlarni o‘rtacha 1 ming AQSh dollarigacha kamaytirishga xizmat qiladi.
Ushbu tashabbus O‘zbekiston mahsulotlarining Koreya bozoriga kirib borishini kengaytirish hamda eksportyorlar uchun qulay logistika imkoniyatlarini yaratishga xizmat qiladi. Bugungi kunga qadar 20 dan ortiq o‘zbekistonlik eksportyor mazkur bojxona omboridan foydalanish istagini bildirgan.