2026-yil 17-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida Germaniya va Avstriya kompaniyalari vakillaridan iborat delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda vazirlik matbut xizmati.
Uchrashuvda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, qurilish materiallari ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi, turizm, ta’lim, shaharsozlik va mashinasozlik sohalarida investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish hamda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.
Xorijiy kompaniyalar vakillari O‘zbekistonda hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha o‘z takliflarini taqdim etib, qo‘shma investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashdilar.
Delegatsiya a’zolariga O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, investitsiya muhitini yaxshilash bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar, xorijiy investorlarga taqdim etilayotgan imtiyoz va preferensiyalar, shuningdek, biznes yuritish shartlari hamda mintaqaviy bozorlarga chiqish imkoniyatlari haqida ma’lumot berildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar istiqbolli loyiha takliflarini ishlab chiqish, ularni O‘zbekistonda amalga oshirish imkoniyatlarini o‘rganish hamda mazkur yo‘nalishda muntazam muloqotni davom ettirishga kelishib oldilar.