28 sentabr 2026

Johannesburgda birinchi O‘zbekiston–Janubiy Afrika biznes-forumi bo‘lib o‘tdi

Johannesburg shahrida O‘zbekiston va Janubiy Afrika Respublikasi o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirishga qaratilgan birinchi O‘zbekiston–Janubiy Afrika biznes-forumi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbir Janubiy Afrika Respublikasining Savdo, sanoat va raqobat vazirligi, Janubiy Afrika Savdo-sanoat palatasi hamda “Minara” Savdo palatasi ko‘magida tashkil etildi.

Tadbirda tog‘-kon sanoati, energetika va neft-gaz kimyosi, to‘qimachilik sanoati, qishloq xo‘jaligi, axborot texnologiyalari, agrosanoat va oziq-ovqat sanoati kabi ustuvor tarmoqlarda faoliyat yurituvchi davlat idoralari va kompaniyalar vakillari ishtirok etdi.

Forumda O‘zbekistonning Janubiy Afrika Respublikasidagi elchisi Ashraf Xo‘jayev, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi direktori Roksana Nesor, Janubiy Afrika Respublikasining Savdo, sanoat va raqobat vazirligi departamenti rahbari Yunus Husayn, Janubiy Afrika Savdo-sanoat palatasi bosh ijrochi direktori Alan Mukoki, shuningdek, boshqa rasmiylar va ishbilarmon doiralar vakillari so‘zga chiqdi.

Ishtirokchilarga O‘zbekistonning iqtisodiy salohiyati, mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijalari, investitsiyaviy imkoniyatlar va eksport salohiyati haqida ma’lumot berildi.

Xorijiy hamkorlarga, shuningdek, O‘zbekiston va Janubiy Afrika Respublikasi o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmini oshirish, yangi bozorlarga chiqish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda xususiy sektor vakillari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishbilarmonlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari taqdim etildi.

Taqdimotlar doirasida O‘zbekistonning raqamli iqtisodiyot va axborot texnologiyalari sohasidagi imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, ishtirokchilarga “IT Park Uzbekistan” faoliyati, uning rezidentlari uchun yaratilgan shart-sharoitlar, shuningdek, mamlakatning mintaqaviy IT-markaz sifatidagi salohiyati haqida ma’lumot berildi.

Forum doirasida ikki mamlakat davlat idoralari, ishbilarmon doiralari va xususiy kompaniyalari vakillari o‘zaro manfaatli hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini muhokama qildilar. Tomonlar savdo-iqtisodiy aloqalarni faollashtirish, tadbirkorlar o‘rtasida muntazam muloqotni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, investitsiyaviy va eksport loyihalarini ilgari surish masalalari yuzasidan fikr almashdilar.

Forum yakunida O‘zbekiston va Janubiy Afrika Respublikasi o‘rtasidagi ishbilarmonlik aloqalariga amaliy mazmun bag‘ishlashga qaratilgan qator tashabbuslar ilgari surildi. Jumladan, joriy yil yakuniga qadar Janubiy Afrika ishbilarmon doiralarining O‘zbekistonga biznes-missiyasini tashkil etish rejalashtirildi.

Bundan tashqari, 2027-yilda Toshkent shahrida O‘zbekiston va Janubiy Afrikadan ayol tadbirkorlar ishtirokida maxsus biznes-forum o‘tkazish, ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi muntazam muloqotni davom ettirish, shuningdek, O‘zbekiston–Janubiy Afrika biznes-forumini har yili o‘tkazib borish tashabbusi qo‘llab-quvvatlandi.

Tadbir doirasida “Sasol”, “DepiJet”, “Scaw Metals Group”, “Dentons South Africa”, “Sobek Group”, “Green Energy Worldwide”, “FZB Textiles”, “Fehz Holding” va “AMC Mining” kabi kompaniyalar vakillari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar ham o‘tkazildi. Muzokaralar davomida ayrim tarmoqlarda hamkorlik qilish, investitsiya loyihalarini amalga oshirish va o‘zaro savdo hajmini kengaytirish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Birinchi O‘zbekiston–Janubiy Afrika biznes-forumi ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot uchun muhim maydon yaratdi. Tadbir davomida ilgari surilgan tashabbuslar va belgilangan istiqbolli hamkorlik yo‘nalishlari O‘zbekistonning Afrika bozorlari iqtisodiyotidagi ishtirokini kengaytirish, eksport geografiyasini diversifikatsiya qilish hamda Janubiy Afrika Respublikasi bilan savdo-investitsiyaviy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilishi kutilmoqda.