29 sentabr 2026

O‘zbekiston OTBIn bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish ustuvor yo‘nalishlarini belgiladi

O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Qatar Davlatida bo‘lib o‘tayotgan Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki (OTBIn) Yillik yig‘ilishida ishtirok etdi, deb xabar qilmoqda ISSV matbuot xizmati.

Tadbir dasturi doirasida vazir Bank faoliyatini yanada rivojlantirishga bag‘ishlangan boshqaruvchilar davra suhbatida so‘zga chiqdi. Ta’kidlanganidek, OTBInning 111 ta a’zo davlatni birlashtirgan dastlabki o‘n yilligi davomida mustahkam institutsional va moliyaviy poydevor shakllantirildi. Yangi bosqichda asosiy e’tibor Bank tomonidan moliyalashtirilayotgan tashabbuslarning amaliy samaradorligi va ularning a’zo mamlakatlarning barqaror rivojlanishiga ta’sirini oshirishga qaratilishi lozim.

Ustuvor yo‘nalishlardan biri loyihalarni tayyorlash sifatini oshirish etib belgilandi. Texnik, moliyaviy va tashkiliy parametrlarni dastlabki bosqichlarda puxta ishlab chiqish keyingi amalga oshirish jarayonini jadallashtirish, mablag‘lardan samarali foydalanishni ta’minlash hamda qo‘shimcha kapitalni jalb etish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish imkonini beradi. Shu munosabat bilan istiqbolli tashabbuslarni shakllantirish bosqichida OTBIn tomonidan qo‘llab-quvvatlashni kengaytirish muhimligi qayd etildi.

Mintaqaviy bog‘liqlikni rivojlantirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. O‘zbekiston Bankning transport, energetika va suv infratuzilmasi sohasidagi transchegaraviy loyihalardagi ishtirokini yanada kengaytirish tarafdori ekanini bildirdi. Bunday tashabbuslar savdo hajmlarining o‘sishiga ko‘maklashish, iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash hamda mamlakatlar va mintaqalar o‘rtasidagi yanada chuqur integratsiyaga xizmat qilishi mumkin.

Mazkur yondashuvning mantiqiy davomi sifatida xususiy kapitalni yanada faol jalb etish masalasi ilgari surildi. OTBInning suveren bo‘lmagan moliyalashtirish hajmini oshirish hamda Bank resurslaridan xususiy investorlar bilan hamkorlikda infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirish uchun foydalanish zarurligi qayd etildi. Bunday yondashuv investitsiyalar ko‘lamini kengaytirish va ularni faqat davlat moliyalashtirishi bilan cheklab qo‘ymaslik imkonini beradi.

Yana bir ustuvor yo‘nalish sifatida OTBInning bevosita hududlardagi ishtirokini kuchaytirish belgilandi. Loyihalar murakkablashib, investitsiya portfellari kengayib borayotgan sharoitda hamkor mamlakatlar bilan yanada yaqin hamkorlik qilish o‘zaro aloqalarning tezkorligini va tashabbuslarni amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlash sifatini oshirish imkonini beradi.

O‘zbekiston OTBIn bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish va Bankning «Kelajak infratuzilmasi» strategik missiyasini qo‘llab-quvvatlashga sodiqligini tasdiqladi. Belgilangan yondashuvlar loyihalarni tayyorlash sifatini oshirish, mintaqaviy infratuzilmani kengaytirish va xususiy investitsiyalarni safarbar etishga o‘tishga xizmat qiladi.