09 oktabr 2026

O‘zbekiston va Shveytsariya iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi

Joriy yilning 6-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Shveytsariya Konfederatsiyasining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Simon Giger bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar qilmoqda ISSV matbuot xizmati.

Uchrashuv davomida savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish istiqbollari, shuningdek, farmatsevtika, sanoat, energetika, geologiya va tog‘-kon sanoati hamda oziq-ovqat sanoati sohalarida yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Bundan tashqari, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston–Shveytsariya hukumatlararo komissiyasining navbatdagi yig‘ilishini hamda O‘zbekistonda “Shveytsariya kunlari”ni o‘tkazish masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekiston–Shveytsariya iqtisodiy sherikligini yanada mustahkamlash va amaliy hamkorlikni rivojlantirishga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar.