15 oktabr 2026

Davlatimiz rahbari Laos bilan amaliy hamkorlikni kengaytirish muhimligini taʼkidladi

15-oktabr kuni Boku shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Laos Xalq Demokratik Respublikasi Prezidenti Txonglun Sisulit bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi, deb xabar bermoqda davlatimiz rahbari matbuot xizmati.

Oʻzbekiston – Laos munosabatlarini yangi bosqichga olib chiqish masalalari muhokama qilindi.

Oʻzaro savdo hajmini oshirish, ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirish, transport, logistika, farmatsevtika, tibbiyot, turizm va boshqa sohalarda qoʻshma loyihalarni ilgari surish ustuvor yoʻnalishlar sifatida qayd etildi.

Savdo-iqtisodiy hamkorlikning huquqiy asoslarini kengaytirish hamda taʼlim va madaniyat sohalaridagi almashinuvlarni faollashtirish muhimligi taʼkidlandi.

Yetakchilar mintaqaviy va xalqaro kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar.