30 oktabr 2026

Davlatimiz rahbari “Evyap Holding” kompaniyasi boshqaruv kengashi aʼzosini qabul qildi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Anqarada “Evyap Holding” kompaniyasi boshqaruv kengashi aʼzosi Oʻmer Evyapni qabul qildi, deb xabar bermoqda davlatimiz rahbari matbuot xizmati.

Muloqot chogʻida kompaniya rahbari Yangi Oʻzbekistonda turk kompaniyalari uchun yaratilayotgan qulay shart-sharoit va taqdim etilayotgan keng imtiyozlar tufayli ularning soni yil sayin oʻsib borayotganini qayd etdi.

“Evyap Holding” kompaniyasi shaxsiy gigiyena va kosmetika mahsulotlari ishlab chiqarish sohasidagi boy tajribasidan kelib chiqib, oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish va istiqbolli loyihalarni birgalikda amalga oshirishga tayyorligi bildirildi.

Uchrashuvda “OSTIM Global” Oʻzbekiston – Turkiya sanoat zonasida yoʻlga qoʻyilayotgan yangi loyihani jadallashtirishga kelishib olindi. Shuningdek, ishlab chiqarish uchun zarur xomashyoni mahalliylashtirish imkoniyati atroflicha koʻrib chiqildi.