30-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Xurram Teshabayev Gruziyaning Blanco kompaniyasi bosh direktori Teymuraz Dalakishvili bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar qilmoqda vazirlik matbuot xizmati.
Blanco – Gruziyadagi yirik qog‘oz-gigiyena mahsulotlari ishlab chiqaruvchilardan biri. Kompaniya 2007-yildan buyon faoliyat yuritib, hojatxona qog‘ozi, qog‘oz sochiqlar va salfetkalarni o‘z ichiga olgan 100 dan ortiq turdagi mahsulotlarni ishlab chiqaradi.
Tomonlar investitsiyaviy hamkorlik istiqbollarini, xususan, O‘zbekistonda sellyuloza asosidagi qog‘oz-gigiyena mahsulotlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish masalasini muhokama qildilar.
Uchrashuv yakunida Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Blanco kompaniyasi o‘rtasida uzoq muddatli sheriklikni rivojlantirish, qo‘shma investitsiya tashabbuslarini amalga oshirish va ishlab chiqarish kooperatsiyasini kengaytirishni nazarda tutuvchi Hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolandi.
Erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha keyingi qadamlar kelishib olindi.