18 noyabr 2026

TIV rahbari O‘mon va Eron tashqi ishlar vazirlari bilan uch tomonlama uchrashuv o‘tkazdi

17-noyabr kuni Maskat shahrida O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov O‘mon Sultonligi tashqi ishlar vaziri Sayyid Badr bin Hamad al-Busaidiy hamda Eron Islom Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi bilan uch tomonlama uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda TIV matbuot xizmati.

Muzokaralar davomida savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, transport-logistika yo‘nalishidagi hamkorlikni rivojlantirish va mavjud tranzit salohiyatidan samarali foydalanish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, mintaqadagi vaziyat yuzasidan fikr almashilib, mavjud keskinlikni diplomatik vositalar orqali bartaraf etish va tomonlar o‘rtasidagi muloqotni davom ettirish zarurligi ta’kidlandi.

Amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish, mavjud imkoniyatlarni ro‘yobga chiqarish hamda mintaqamizda tinchlik, barqarorlik va taraqqiyotni ta’minlash borasidagi birgalikdagi sa’y-harakatlarni izchil davom ettirishga kelishib olindi.