Joriy yilning 16-noyabr kuni Malayziyaning Shah Alam shahrida “O‘zbekiston ayollarining moliyaviy savodxonligini oshirish” mavzusidagi o‘quv dasturining rasmiy ochilishi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi Axborot xizmati va kommunikatsiyalar boshqarmasi. 14–28-noyabr kunlariga mo‘ljallangan o‘quv safarida O‘zbekistondan 10 nafar tadbirkor ayol ishtirok etmoqda.
O‘quv safari O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) o‘rtasidagi hamkorlik doirasida, agentlikning moliyaviy ko‘magida tashkil etildi. 10 nafar tadbirkor ayol vazirlik hamda loyiha hamijrochilari — “HAMROH” va O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi tavsiya etgan nomzodlar orasidan saralab olindi.
Dasturdan ko‘zlangan maqsad — tadbirkor ayollarning biznes moliyasini boshqarish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlash. SIRIM akademiyasi mashg‘ulotlarida ishtirokchilar mahsulot tannarxini hisoblash, narx belgilash hamda biznesni kengaytirish uchun daromad va xarajatlarni rejalashtirishni o‘rganmoqda.
Dastur doirasida ishtirokchilar Malayziya Markaziy banki va Amanah Ikhtiar Malaysia mikromoliya tashkilotiga tashrif buyurib, tadbirkor ayollarga moliyaviy maslahat berish va ularning biznesini moliyalashtirish tajribasini o‘rganadi. Mahalliy tadbirkor ayollar boshqarayotgan korxonalarda esa ishlab chiqarish, brendni rivojlantirish va yangi bozorlarga chiqish amaliyoti bilan tanishadi.
O‘quv dasturi yakunida 27-noyabr kuni ishtirokchilar Malayziyada o‘rgangan tajribalarini o‘z biznesida qo‘llash bo‘yicha rejalarini taqdim etadi.