O‘zbekistonning Islomoboddagi elchixonasi ko‘magida Pokistonning “Almoiz Industries” kompaniyasi vitse-prezidenti Iftixor Babar boshchiligidagi vakillari bilan O‘zbekiston vazirlik va idoralari vakillari o‘rtasida onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.
«Almoiz Industries» Pokistondagi yetakchi shakar ishlab chiqaruvchilar va yetkazib beruvchilardan biri hisoblanadi.
Suhbat chog‘ida tomonlar O‘zbekistonda shakar xomashyosini yetishtirish sharoitlari va imkoniyatlarini atroflicha muhokama qildilar. Xususan, O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi departament direktori Jamshid Abduzukurov Pokiston tomonini Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatidagi qand lavlagi yetishtirishga yaroqli yerlar bilan tanishtirdi.
Pokiston tomoni O‘zbekistonda shakarga bo‘lgan yillik talab, Braziliyadan shakar yetkazib berish bo‘yicha joriy vaziyat, shakar importi uchun bojxona to‘lovlari va aktsiz solig‘i stavkalari va boshqa zarur ma’lumotlar bilan tanishtirildi.
Muzokaralar natijasida Pokiston tomoni «Angren-Shaka»r yoki «Xorazm-Shakar» zavodlaridan biriga investitsiya kiritish yoki yangi shakar zavodi qurish masalasini ko‘rib chiqish niyatini bildirdi.
“Almoiz Industries” kompaniyasi vakillari muhokama qilingan masalalarni atroflicha o‘rganish, manfaatdor vazirliklar bilan uchrashuvlar o‘tkazish va shakar zavodlari faoliyati bilan tanishish uchun yaqin vaqt ichida O‘zbekistonga tashrif buyurishga tayyor ekanliklarini bildirdi.