05 yanvar 2023

QQSni 12% tushirishdan davlat byudjetining 14 trillion so‘m yo‘qotishlarini qanday qoplash rejalashtirilgan

2023-yilda qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasi 15 foizdan 12 foizga tushirilishi natijasida O‘zbekiston davlat byudjeti qariyb 14 trillion so‘m yo‘qotishi mumkin. Moliya vazirligi va Davlat soliq qoʻmitasining maʼlum qilishicha, yoʻqotishlarni imtiyozlarni bekor qilish va soliq maʼmuriyatchiligini takomillashtirish orqali qoplash koʻzda tutilgan.

O‘zbekiston Senati 28-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan yalpi majlisda 2023-yilgi davlat byudjetini tasdiqladi. Qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) stavkasining 15 foizdan 12 foizga tushirilishi munosabati bilan davlat byudjeti deyarli 14 trillion so‘m daromad yo‘qotishi mumkin.

Senatorlar Moliya vazirligi va Davlat soliq qo‘mitasidan (qayta tashkil etilishidan oldin) davlat ijtimoiy dasturlarni to‘liq amalga oshirishi uchun yo‘qotishlarni qanday qoplashni rejalashtirayotganliklarini so‘radilar.

Moliya vaziri o‘rinbosari Dilshod Sultonovning ma’lum qilishicha, yo‘qotishlar o‘rnini 2022-yil oxirida tugaydigan ayrim imtiyozlarni bekor qilish va imtiyozlardan voz kechish orqali qoplash rejalashtirilmoqda.

Bundan tashqari, soliq ma’muriyatchiligini takomillashtirish va soliq solinadigan bazani kengaytirish rejalashtirilgan.

“Misol sifatida shuni keltirmoqchimanki, soliq stavkasi pasaytirilganiga qaramay, soliq tushumlarining oshishi kutilmoqda. Byudjetni ko‘rgan bo‘lsangiz, [2022-yilda] 15 foizlik stavkada 52 trillion so‘m yig‘adigan bo‘lsak, kelasi yili 66 trillion so‘m bo‘ladi. Bu 14 trillion so‘mga ko‘pdir. Kelgusi yilda QQS bo‘yicha katta rejalarimiz bor. Buni tilimizda “tarang prognoz” deymiz. Shundan kelib chiqib, soliq organlari va Davlat soliq qo‘mitasiga byudjetga qariyb 9,2 trillion so‘mlik qo‘shimcha ko‘rsatmalar taqdim etilgan bo‘lib, shundan 6,5 trillion so‘mi QQS bo‘yicha topshiriqlardir. Bu rejaga kiritilgan”, — dedi moliya vaziri o‘rinbosari.

Unga ko‘ra, 2023-yilda soliq va bojxona qo‘mitalari soliq ma’muriyatchiligini takomillashtirish orqali bu summani undirishi kerak.

Davlat soliq qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Jahongir Abdiyev imtiyozlarning bekor qilinishi byudjetga qoʻshimcha 5 trillion soʻm tushishini qoʻshimcha qildi.

“Qolgan miqdor… 2022-yildan boshlab biz yaxshi anʼanaga aylanib borayotgan “Avtokameral” tizimini ishga tushirdik. Ushbu tizimga 400 ta mezon kiritilgan. Tadbirkorlarga jarima solinmaydi, tizim soliq organining aralashuvisiz ularning hisobotlarini avtomatik ravishda tahlil qiladi. Dastlabki tahlillarga ko‘ra, tadbirkorlarni xabardor qilish, soliq ma’muriyatchiligini yangi elektron tizimga aylantirish orqali bugungi kunga qadar 14 trillion so‘m undirilgan. Biz bu orqali [yo‘qotishlarni] qoplashni rejalashtirmoqdamiz”, – dedi u.

2023-yilgi davlat byudjeti to‘g‘risidagi qonun jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilmadi. YaIM 2023-yilda 5,3 foizga o’sishi kutilmoqda, inflyatsiya esa 9,5 foiz atrofida bo’ladi. Hududlar budjetlarida ko‘proq soliqlar qoldiriladi, davlat byudjeti taqchilligi yalpi ichki mahsulotning 3 foizi bilan cheklanadi.